Tarjimai hol

        Munojot Yo`lchieva o`zbek mumtoz musiqa san’ati rivojiga hamda uning dunyo bo`ylab taralishiga beqiyos hissa qo`shgan betakror ovoz sohibasidir. Xonanda 1960- yilning  26-noyabrida  Andijon viloyati Buloqboshi tumanining Shirmonbuloq qishlog’ida tavallud topgan. Oilasidagi ijodiy muhit bolaligidanoq uning  qo`shiq kuylashga bo`lgan qiziqishini orttirdi. Avvaliga opera xonandaligi yo’nalishida  ta’lim ola boshlagan Munojot keyinchalik,  ona tuprog’imiz muhitida qadimdan ildiz otgan o`zbek milliy, mumtoz qo`shiqchiligiga o’zgacha mehr qo`ydi.
       1978 - yilda o’rta maktabni bitirgach, o’sha yili Toshkent Davlat Konservatoriyasi An’anaviy maqom ijrochiligi bo’limining tayyorlov kursiga o’qishga qabul qilindi. U yerda ustoz sozanda va bastakor Shavkat Mirzaev rahbarligi ostida ta’lim ola boshladi. Ustoz Shavkat Mirzaev Munojat o’qishga kirgan dastlabki  2 yil mobaynida juda ko’p noyob durdona asarlarni unga kuylash sirlarini o’rgatdi hamda bularning aksariyati O`zTeleRadio oltin fondiga yozib olindi.
       Munojot Yo`lchieva 1980 – yil, 9- fevral kuni Davlat televideniedasi tomonidan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomiga bag’ishlab tayyorlangan “Nazm va navo” ko`rsatuvida ilk bora chiqib,  A.Navoiyning “Ushshoq”, “Munojat” ashulalarini ijro qilgan zahoti butun O’zbekistonda tanildi. Shu yilning aprel oyida O`zbekiston TeleRadio kompaniyasi qoshidagi “Maqom” ansambliga yakkaxon xonanda sifatida ish faoliyatini boshladi.
       Xonanda shu yilgi kirish imtihonlarini muvafaqqiyatli topshirib O`zbekiston Davlat Konservatoriyasining I- bosqichiga qabul qilindi. 1980 -  yildan ta’lim olish bilan birgalikda Munojot Yo`lchievaning o`z professional ijodiy konsert faoliyati ham boshlandi. Xonanda 1985 - yilda Konservatoriyani imtiyozli tamomladi.
Xonanda o`zining ijodiy faoliyati va o`zbek mumtoz musiqasiga qo`shgan hissasi uchun 1991- yilda “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist”, 1994 - yilda “O`zbekiston xalq artisti” unvoniga, 1998 yilda esa “El yurt hurmati” ordeniga sazovor bo`ldi.
       Xonanda 1995, 1997, 1999-yillarda bir qancha Xalqaro tanlovlarda muvafaqqiyatli ishtirok etdi. Shuningdek, 1997- yilda Samarqandda bo`lib o`tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida birinchi sovrinli o`rin sohibasiga aylandi.
       2000 – 2004 yillarda UNESCOning “Insoniyatning moddiy va nomoddiy merosini saqlash va e’lon qilish” hay’ati a’zosi sifatida faoliyat yuritdi.
       2000 - yillarda esa xonanda o`z xizmatlari uchun “Ofarin” mukofoti (2001), “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2004), “ВВС Word Music Awards” mukofotining Osiyo mintaqasi nomzodi (2004), 2006 - yilda O`zbekiston Davlat Konservatoriyasi faxriy professorli unvonlariga sazovor bo`ldi.
       Munojot Yo`lchieva ijrosidagi ashulalar 1981-yilda Toshkent grammplastinkasida tasmaga tushirilgan. Shuningdek, 1995 - yil Fransiya, 1997 - yil Germaniyada xonandaning Audio Albomlari chiqarilgan.
       Xonanda o`z ijodiy faoliyati davomida g`arb va sharqning - Germaniya, Avstriya, Fransiya, Belgiya Hollandiya, Italiya, Ispaniya, Swetsariya, Norvegiya, Swetsiya, Finlandiya, Anglya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Braziliya, Marokash, Ukraina, Rossiya, Iordaniya, Tunis kabi yana bir qancha davlatlarda o`zbek xalqining milliy merosi bo`lgan Shahmaqom va xalq yo`lidagi ashulalari bilan yakkaxon konsert dasturlarida va nufuzli festivallarda chiqishlar qilib kelmoqda.
       Munojot Yo`lchieva 1982 – yildan to shu kunga qadar Muhiddin Qori-Yoqubov nomidagi Akademik va xalq badiiy jamoalar direksiyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Munojot Yo`lchieva ko’p yillardan beri mahoratli sozanda, bastakor Shavkat Mirzaev rahbarligidagi sozandalar ansambli bilan hamkorlikda  ijodiy faoliyat olib bormoqda.